23 Fev 2022

Temir yo‘ldagi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati faoliyatidan

2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadrini ulug‘lash kabi fazilatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ehtiyojmand nogironlarga keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga e’tibor ortmoqda. Xususan, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkilotining Buxoro hududida faoliyat yuritadigan “Mehr-shafqat” xizmati hamshiralari tomonidan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yakka-yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularning holidan xabar olish, og‘irini yengil qilish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ular tomonidan 58 nafar ehtiyojmandga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

– Inson doim mehrga muhtoj bo‘ladi, uning ruhiyatini bardam qiladigan narsa, avvalo, atrofidagilarning mehri, – deydi “Mehr-shafqat” xizmati hamshirasi Laylo Akramova. – Bugungi sharoitda ana shunday ruhiy qo‘llab-quvvatlashga eng muhtoj insonlar – yakka-yolg‘iz qariyalar, yetimlar, nogironlardir. Xizmatimiz hamshiralari ehtiyojmandlar holidan hafta davomida ikki marotaba xabar olishadi. Biz ularning salomatligini nazorat qilamiz, uy ishlariga qarashamiz. Birga bozorga, do‘konga, poliklinikaga chiqamiz, lozim bo‘lgan to‘lovlarni qilishga yordamlashamiz. Ular bizga, biz ularga ko‘nikib ketganmiz. Bilasizmi, biz ularning xuddi farzandlariday bo‘lib qolganmiz. Masalan, stansiyada yuk g‘aznachisi bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqqan Lyubov Konsurova 2003 yilda salomatligidagi muammolari sabab ro‘yxatga olingan. Yaqinda mikroinsult xastaligidan keyin ahvoli og‘irlashdi. Farzandi Rossiya Federasiyasida yashaydi. Joriy yilning may oyida uyiga olib ketmoqchi. To‘g‘risi, 19 yil davomida ularga juda bog‘lanib qolganman. Ketayotganidan biroz xafa bo‘ldim.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiri deya e’tirof etiladigan temir yo‘l tarmog‘i yurtimiz rivojlanishida munosib o‘ringa ega bo‘lish barobarida, muhtojlarga mehr-saxovat yordamini ko‘rsatish orqali xalqimizda qadimdan qadrlanib kelinayotgan olijanob fazilatlarimiz, azaliy an’analarimizni namoyon etishda ham o‘ziga xos ahamiyatga ega.

– 16 ta kam ta’minlangan oilaning 62 nafar farzandi, 13 nafar nogiron, 2 nafar chin yetim ham bizning qaramog‘imizga olingan, – deydi Rohat Hasanova. – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tashabbusi bilan bayram sanalarida ularga tarqatiladigan kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilganda mehr bilan bildirilgan minnatdorchilik har qanday mukofotdan ortiq. Shunday vaqtlarda ko‘nglingda o‘zgacha xotirjamlik, bir iliq tuyg‘uni tuyasan va sening ham ruhing quvvat oladi.

Xalqimiz azaldan mehr-oqibatli bo‘lgan. Bag‘rikenglik, insonparvarlik qon-qonimizga singib ketgan tuyg‘ulardir. Yiqilganni suyash, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, yoshi ulug‘lar holidan xabar olish umrboqiy odatlarimizdan. Shunday ekan, bizning yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi.

www.railway.uz вебсайтидан