Tibbiy va ijtimoiy xizmat

Yolg’iz keksalarga, nogironlarga, kam ta’minlangan ko’p bolali oilalarga va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga insonparvarlik yordamini ko’rsatish Jamiyatning asosiy yo’nalishlaridan biridir.

O’zbekiston QYaOJ hududiy filiallarining tibbiy-ijtimoiy faoliyati quyidagi yo’nalishlarda amalga oshiriladi:

  • aholining sog’liqini saqlash va ijtimoiy himoya qilish bo’yicha Davlat ijtimoiy dasturlarini amalga oshirish;
  • aholining himoyaga muhtoj toifalariga bepul manzilli tibbiy-ijtimoiy yordam va psixososyal yordam ko’rsatish va yolg’iz keksalarga, nogironlarga, turli kasalliklarga chalinganlarga uyda, tibbiy-ijtimoiy yordam xonalarida (markazlarida) yordam ko’rsatish;
  • «Uy sharoitlarida parvarish qilish asoslari», «Birinchi yordam», sog’liqni saqlash bo’yicha ishlarni tashkil etish, «Sog’lom turmush tarzini olib borish va kasalliklarning oldini olish» dasturlari bo’yicha aholiga ta’lim xizmatlarini ko’rsatish.

 

Birinchi yordam ko’rsatish asoslari

Bugungi kunda aholini birinchi tibbiy yordam ko’rsatishga o’rgatish masalasi nafaqat O’zbekiston hududida, balki butun dunyoda muhimdir. Birinchi tibbiy yordam ko’rsatishga o’rgatishdan maqsad – aholining keng qatlamini birinchi yordam ko’rsatishning eng oddiy usullari bilan tanishtirish va zarur bo’lganda, o’z ko`nikmalaridan foydalanib, o’z-o’ziga yordam berish va o’zaro yordam berishga tayyorlash. Birinchi yordam – bu tibbiy xodim kelgunga qadar o’tkir kasallik yoki shikastlanish joyida bajarilishi kerak bo’lgan shoshilinch choralar majmui.

O’zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati asosiy faoliyatini aholini birinchi tibbiy yordam ko’rsatishga tayyorlashga yo’naltirishga harakat qilmoqda. Bu aholining o’z qobiliyatlariga bo’lgan ishonchini oshirishga imkon beradi va favqulodda vaziyatlarda o’zlariga va atrofidagilarga yordam berishga tayyor bo`lgan odamlar guruhini yaratishga yordam beradi.

O’zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining vazifalaridan biri o’ta og’ir vaziyatlarda, tabiiy ofatlar va har xil tabiat hodisalari sodir bo’lgan taqdirda odamlar hayoti, sog’lig’i va inson qadr-qimmatini himoya qilish, shuningdek kundalik hayotda – inson qayerda bo’lsa ham, uning azoblari oldini olishdir.

O’zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati har bir kishiga birinchi tibbiy yordam kurslarini o’tash imkoniyatini beradi, bu erda ular nafaqat har qanday o’ta og’ir vaziyatda qanday harakat qilish va jabrlanuvchiga qanday yordam berish haqida bilim olishi, balki qo’lga kiritilgan ko’nikmalarni amalda qo’llashi mumkin.

O’zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining o’quv markazi korxonalarda kadrlarni birinchi yordam ko’rsatishga yuqori sifatli o’qitishga imkon beradigan xizmatlar ko’rsatadi. O’qituvchilarimiz o’quv kursini joylarga chiqib va markaz hududida o’tkazishlari mumkin. Bizning birinchi tibbiy yordam kurslarimiz mukammal nazariy bilimlar bazasiga va inqirozli vaziyatlarda amaliy tajribaga ega bo`lgan malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Trening davomida xodimlar yong’in, zaharli moddalar yoki gazlar bilan zaharlanish va ishdagi boshqa o’ta favqulodda vaziyatlarda birinchi tibbiy yordam ko’rsatilishini chuqur o’rganadilar.