Beg`araz donorlikni targ`ib qilish

O’zbekiston QYaOJ keng aholi o’rtasida beg`araz donorlikni targ`ib  qilish bo’yicha muhim ishlarni amalga oshirmoqda. Bu ish  davlatimiz milliy xavfsizligi masalalariga bog’liq bo`lib, umumxalq strategik xarakterga egadir. Beg`araz donorlik milliy sog’liqni saqlashning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lib, uning maqsadi tinchlik davrida va favqulodda vaziyatlarda transfuzyon terapiyasi sifatini ta’minlashdir.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko’ra, statistika bo`yicha, har uch kishidan biri umrida kamida bir marta donorlik qoniga muhtoj va mamlakatning xavfsiz qonga bo’lgan asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun mamlakat aholisining kamida 1 foizi qon topshirishi etarli bo`ladi.

Xavfsiz qonning etarli va ishonchli zaxirasi doimiy, yixtiyoriy va beg`araz qon donorlari tomonidan barqaror ta’minlanishi mumkin. Bu donorlar, shuningdek, eng xavfsiz donorlar guruhi hisoblanadi, chunki ularda qon orqali yuqadigan infektsiyalarning tarqalish darajasi eng past.

Vaziyatdan kelib chiqqan holda, O’zbekiston Respublikasi Qizil Yarim oy jamiyati quyidagi sohalarda beg`araz donorlik qilishni targ’ib qilmoqda:

  • O’zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati tomonidan beg`araz donorlikni targ`ib  qilish dasturini amalga oshirishning samarali tizimini ishlab chiqish  va ushbu dasturni qo’llab-quvvatlash uchun donorlarni jalb qilish;
  • Donorlik qilish masalalarida aholining xabardorligini oshirish bo’yicha sanitariya-ma’rifiy tadbirlarni o’tkazishda ishtirok etish;
  • Donorlik muammolari bo’yicha namunali axborot va o’quv materiallarini ishlab chiqish va nashr etish.
  • O’zbekiston QYaOJ hududiy bo’linmalariga beg`araz donorlikni tashkil etish va targ’ib qilish bo’yicha amaliy va maslahat yordamini ko’rsatish.