Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Jamiyatlari Federatsiyasi

Birinchi jahon urushi tugagandan so’ng, milliy jamiyatlar to’plagan katta tajriba va imkoniyatlar nafaqat urush qurbonlariga, balki tabiiy ofatlar va harbiy harakatlar oqibatida jabrlanganlarga ham yordam berishda qo’l keldi.

 

1919-yilda Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Jamiyatlari Ligasi tashkil etildi. 1991-yilda Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Jamiyatlari Federatsiyasiga o’zgartirildi. Federatsiyani tashkil qilishni Amerika Qizil Xoch Harbiy Qo’mitasi prezidenti Genri Devison taklif qilgan.

Federatsiyaning birinchi vazifasi to’rt yillik urushning qattiq sinovidan o’tgan davlatlar aholisining sog’lig’ini yaxshilash edi. Maqsadi «mavjud bo’lgan Qizil Xoch jamiyatlarini sog’liqni saqlash bo’yicha harakatlarini kuchaytirish va birlashtirish va yangilarini shakllantirishga ko’maklashish» edi.

Ta’sischi milliy jamiyatlar beshta davlatdan iborat edi: Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, Yaponiya va AQSh. Shundan beri Federatsiya a’zolari soni oshdi va hozirda ularning soni 188tani tashkil etadi, ya’ni dunyoning deyarli har bir davlatining o’z milliy jamiyati bor. Federatsiya har yili 100 dan ortiq yordam operatsiyalarini o’tkazadi.

Maqsadi

Federatsiyaning maqsadi, Nizomga muvofiq, Milliy jamiyatlarning barcha turdagi gumanitar faoliyatini doimiy ravishda rag’batlantirish, qo’llab-quvvatlash va yengillashtirish hamda inson azob-uqubatlarini oldini olish va yengillashtirish uchun ularga har tomonlama ko’maklashish, shu tariqa dunyoda tinchlikni saqlash va mustahkamlashga hissa qo’shishdir.

Vazifasi

Federatsiyaning vazifasi, uning Strategiyasida belgilab qo’yilganidek, insoniyat kuchini safarbar qilish orqali zaif toifadagi odamlarning hayotini yaxshilashdan iborat.

Funksiyalari

Federatsiya Nizomi Federatsiyaning 10ta funksiyasini belgilaydi, ular:

1) Milliy jamiyatlar uchun doimiy aloqa, muvofiqlashtirish va o’qitish organi vazifasini bajaradi va ular so’ragan yordamni ko’rsatadi;

2) har bir davlatda mustaqil va munosib e’tirof etilgan milliy jamiyatni yaratish va rivojlantirishga ko’maklashadi;

3) barcha mavjud vositalar yordamida tabiiy ofatlar va falokatlar qurbonlariga yordam beradi;

4) Milliy jamiyatlarga yuzaga kelish ehtimoli bo’lgan ofatlarga tayyorgarlik ko’rishda yordam beradi, ularning yordam berish bo’yicha ishlarini tashkil qilishda va yordam operatsiyalarini o’tkazishda ko’maklashadi;

5) Xalqaro konferensiya tomonidan qabul qilingan Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy tabiiy ofatlarining oldini olish tamoyillari va qoidalariga muvofiq xalqaro yordam operatsiyalarini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi hamda ularga rahbarlik qiladi;

6) tegishli milliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda Milliy jamiyatlarning aholi salomatligini muhofaza qilish va ijtimoiy ta’minotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarda ishtirokini rag’batlantiradi va muvofiqlashtiradi;

7) milliy jamiyatlar o’rtasida bolalar va yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash va barcha davlatlar yoshlari o’rtasida do’stona munosabatlarni rivojlantirish bo’yicha fikr almashuvini rag’batlantiradi va muvofiqlashtiradi;

8) Milliy jamiyatlarga yangi a’zolarni jalb qilishda va ularga Harakat tamoyillari va ideallarini singdirishda yordam beradi;

9) qurolli mojarolar qurbonlariga yordam beradi, xalqaro gumanitar huquqni mustahkamlash va rivojlantirishga komaklashadi va Harakatning boshqa tarkibiy qismlari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq ushbu qonun va asosiy tamoyillar haqidagi bilimlarni tarqatadi.

10) a’zo davlatlarga xalqaro miqyosda rasman vakillik qiladi va ularning manfaatlarini himoya qiladi.