Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi

1863-yilda tashkil topgan XQXQ bugungi kunda butun dunyoda faoliyat yuritadi, mojarolar va qurolli zo’ravonliklardan zarar ko’rgan odamlarga gumanitar yordam ko’rsatadi va urush qurbonlarini himoya qiladigan qonunlar haqida bilimlarni tarqatadi. Mustaqil va betaraf tashkilot sifatida u, birinchi navbatda, 1949-yildagi Jeneva konvensiyasiga asoslangan vakolatlarga egadir. XQXQ Jenevada (Shveysariya) joylashgan va 80 mamlakatda uning taxminan 12000 ta xodimi mavjud. U, asosan, hukumatlar hamda Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy milliy jamiyatlarining ixtiyoriy xayriyalari hisobidan moliyalashtiriladi.

XQXQ o’z faoliyatida 1949-yildagi Jeneva konvensiyalari, ularning Qo’shimcha protokollari, o’z Nizomi, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Harakatining Nizomi, shuningdek Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy konferensiyalari qarorlariga asoslanadi. XQXQ – qurolli to’qnashuvlar va boshqa zo’ravonlik holatlari qurbonlariga gumanitar himoya va yordam ko’rsatadigan mustaqil va betaraf tashkilot. U favqulodda vaziyatlarda choralar ko’radi va shu bilan birga xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilishga targ’ibot qiladi hamda uning milliy qonunchilikda qo’llanilishiga ko’maklashadi.

 

XQXQ vazifasi

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi (XQXQ) – xolis, betaraf va mustaqil tashkilot. Uning maqsadi va vazifalari faqat gumanitar xarakterga ega bo’lib, qurolli to’qnashuvlar va ichki zo’ravonlik vaziyatlaridan zarar ko’rgan odamlarning hayoti va qadr-qimmatini himoya qilish va ularga yordam berishdan iboratdir.

U ziddiyatli vaziyatlarda gumanitar yordam ko’rsatish bo’yicha Harakatning xalqaro faoliyatini boshqaradi va muvofiqlashtiradi. XQXQ insonparvarlik huquqi va umuminsoniylik tamoyillarini targ’ib qilish va mustahkamlash orqali insonlar azob-uqubatining oldini olishga bor kuchini sarflaydi.

Aynan XQXQ tashabbusi bilan davlatlar 1864-yilda Jeneva konvensiyasini qabul qilishdi. Shu vaqtdan beri, Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Harakati ko’magida, hukumatlarni doimiy ravishda mojaro qurbonlarini himoya qilinishi va ularga yordam berilishini ta’minlash uchun xalqaro gumanitar huquqni o’zgaruvchan sharoitlarga, xususan, urush vositalari va usullarining zamonaviy o’zgarishlariga moslashtirishga da’vat etadi.

Bugungi kunda barcha davlatlar qurolli to’qnashuvlar paytida yaradorlar, kasallar va kema halokatiga uchragan harbiy xizmatchilarni, harbiy asirlarni va tinch aholini himoya qiladigan 1949-yildagi to’rtta Jeneva konvensiyasini bajarish majburiyatini o’z zimmalariga olishdi.

Hozirgi kunda dunyoning barcha davlatlarining to’rtdan uch qismi Konvensiyalarning 1977-yildagi ikkita Qo’shimcha protokoliga a’zo. I Protokol xalqaro qurolli to’qnashuvlar qurbonlarini himoya qiladi, II Protokol esa xalqaro bo’lmagan qurolli to’qnashuvlar qurbonlarini himoya qiladi. Xususan, bu shartnomalar tinch aholini jangovar harakatlar ta’siridan himoya qiluvchi qoidalarni kodifikatsiya qiladi. 2005-yilda qabul qilingan III Qo’shimcha protokol Harakatning Milliy Jamiyatlari tomonidan yana bir timsol – «Qizil Kristall» dan foydalanishini nazarda tutadi.

 

XQXQ tomonidan amalga oshiriladigan har qanday harakatning huquqiy asosi quyidagicha:

 

  • XQXQga xalqaro qurolli mojaro yuz berganda harakatlarni amalga oshirish uchun maxsus vakolat beruvchi to’rtta Jeneva konvensiyasi va I Qo’shimcha protokol. Xususan, XQXQ harbiy asirlar va asirga olingan fuqarolarni ko’rish huquqiga ega. Konventsiyalar, shuningdek XQXQga keng tashabbus huquqini beradi.
  • Xalqaro bo’lmagan xarakterdagi qurolli to’qnashuvlar holatida, XQXQ xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan va Jenevaning to’rtta Konvensiyasiga tegishli bo’lgan 3-moddasida belgilangan gumanitar tashabbus huquqiga ega.
  • Ichki tartibsizliklar yoki ichki keskinliklarda, shuningdek insonparvarlik choralarini talab qiladigan boshqa holatlarda, XQXQ Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Harakatining Nizomida ko’rsatilgan tashabbus huquqiga ega.

Shunday qilib, xalqaro gumanitar huquq qo’llanilmaydigan holatlarda XQXQ o’z xizmatlarini hukumatlarga yordam sifatida taklif qilishi mumkin, agarda ularning harakatlari bunday takliflarsiz manfaatdor davlatlarning ichki ishlariga aralashuvni anglatsa.