Anri Dunan – Qizil Xoch asoschisi

U yaradorlarni parvarish qilish bo’yicha dunyodagi eng yirik tashkilotga asos solgan, jahon Nobel mukofotining birinchi sovrindori bo’lgan va qashshoqlikda vafot etgan, barcha mablag’larini xayriya ishlariga sarflagan. Uning ismini kam odam biladi, lekin uning qilgan ishini hamma biladi.

Jan Anri Dunan 1828-yil 8-mayda Jenevada shaharning hukmdor kengashi a’zosi bo’lgan savdogar Jan Jak Dunan oilasida tug’ilgan.

Ota-onasi, dindor bo’lib, bolaligidanoq o’g’liga nafaqat tadbirkorlik ilmini, balki xayriya, rahm-shafqat va yaxshilik qilish istagini o’rgatishga harakat qilishgan. Dunan iqtisod, din va ijtimoiy faoliyat bilan qiziqardi. U 18 yoshidan boshlab kunduzi iqtisodni o’rgangan, kechqurun esa kambag’al va kasallardan hol-ahvol so’ragan. 20 yoshidan boshlab, yakshanba kunlari u shahar qamoqxonasiga kelib, mahbuslar bilan suhbatlashardi, ularni qo’llab-quvvatlashga, odamlarga va Xudoga bo’lgan imonlarini saqlab qolishga harakat qilardi. Kollejni bitirgach, bankka amaliyotchi bo’lib ishga kirgan.

26 yoshida Dunan Jazoirga keladi va Jenevadagi bank vakolatxonasida ishlaydi, shu bilan birga xayriya ishini ham tashlab ketmasdan, qullikka qarshi kurashda faol ishtirok etadi. 1859-yilda u o’z korxonasini ochishga qaror qiladi va Mont-Jemil tegirmonlarining aksiyadorlik jamiyatini tuzadi, uni moliyalashtirish uchun do’stlari va qarindoshlarini taklif qiladi. Endi unda juda ko’p mablag’ yig’ildi, yaxshi joy tanladi, tegirmonni zamonaviy uskunalar bilan jihozladi. Rejalarini amalga oshirish uchun yer olish qoldi. Ammo bu erda Dunan katta burokratik qarshilikka duch keldi. Jazoir rasmiylari bilan muzokaralarda muvaffaqiyat qozonolmay, Parijga borib, turli tashkilotlarning eshiklarini taqillatdi. Hech qanday natija bo’lmadi. Dunan taslim bo’lmadi va o’ziga xos qat’iyatlik bilan oxirgi chora – imperatorga murojaat qilishga qaror qildi. Napoleon III ayni paytda Solferinoda Italiya ittifoqchilari bilan birgalikda Avstriya qo’shinlarining hujumini qaytarishga tayyorlanayotgan fransuz armiyasining boshida turardi. Va Dunan Italiyaga jo’nab ketdi.

 

Qanday qilib inson hayotiga uni butunlay o’zgartiradigan voqealar kiradi? Tasodifmi? Taqdirmi? Yoki, qaysidir ma’noda, inson o’zi tayyor bo’lgan va u orqali o’tishi kerak bo’lgan vaziyatlarni chaqirib, o’z taqdirini o’zi yaratadimi?

Italiyada Dunan XIX asrning eng shafqatsiz va qonli janglaridan biri – Solferino jangi (1859 yil 24-iyun) guvohi bo’ladi. Bu jang natijasida 40 ming kishi halok bo’ldi va yaralandi.

«25-iyun kuni quyosh inson tasavvurining eng dahshatli ko’rinishida porladi», deydi Dunan. – Butun jang maydoni odamlar va otlarning jasadlari bilan to’lib toshgan; yo’llar, ariqlar, jarliklar o’lik jasadlarga to’la va Solferino yaqinida yer tom ma’noda ular bilan qoplangan … Kunduzi yerdan ko’tarilgan baxtsiz yaradorlar, rangi o’chgan va butunlay holdan toygan; ba’zilar, ayniqsa, og’ir yaradorlarning nigohlari ma’nosiz, ular hech narsani tushunmaydilar, lekin bu … ularning azoblarni his qilishga to’sqinlik qilmaydi; boshqalari asabiy titroqdan hayajonlanib, qaltirashardi; ayrimlari, yallig’langan ochiq yaralari og’rig’idan aqldan ozganga o’xshardi; ular iltijo qilib otib tashlashlarini so’rashardi va yuzlari burishib o’lim bilan kurashardilar … Har xil singan parchalar, suyak siniqlari, kiyim-kechak, tuproq, qo’rg’oshin bo’laklari yaralarni va yaradorlarning azobini kuchaytirardi «. O’lganlarning jasadlari uch kun ichida dafn etilardi.

Eng yaqin Kastilon shahri yaradorlar bilan to’lgan. 9000 kishi ko’chalarda, cherkovlarda, maydonlarda yotardi. Bir chetda tura olmagan Dunan yaradorlarga yordam berishda faol qatnashdi, ko’ngillilarni tashkil qildi. U tibbiy ma’lumotga ega emas edi, lekin qo’lidan kelganicha bint bilan bog’lab, oziq-ovqat, suv, tamaki olib kelardi. U yaradorlar bilan gaplashardi, ularning aksariyati juda tushkun ahvolda edi, chunki ularga hech qanday yordam berilmas edi. Dunan hammaga yordam berardi – nafaqat o’zlarining, hattoki dushman askarlariga ham- va qolgan ko’ngillilarni shunday qilishga undardi. Uning «Tutti Fratelli» («Biz hammamiz birodarmiz») degan chaqiruvi keyinchalik yordam tizimining shioriga aylandi.

Bu vaqtda u tasodifan shu yerga kelib qolgan edi. U, boshqalar kabi, shunchaki o’tib ketishi mumkin edi. Lekin qila olmadi. Balki bu haqiqiy Insonni boshqalardan ajratib turadigan hislatdir?

O’sha paytda armiyaning tibbiy xizmati juda kam sonli edi va shuncha yaradorlarga yordam berishga qurbi yetmasdi. Shaharda atigi oltita fransuz shifokori bor edi. «Jangdan keyingi birinchi hafta mobaynida shifokorlar «bularga hech qanday yordam berolmaymiz», – deb aytgan, yaradorlar qarovsiz qolib ketishardi va ular butunlay tashlandiq holda vafot etishardi. Shoshilinch tibbiy yordamchilar sonining cheklanganligi va yaradorlarning ko’pligi sababli bu tabiiy hol edi. Bu shafqatsiz va dahshatli, lekin muqarrar edi; qimmatbaho vaqtni umidsizlarga yo’qotmasdan, qutqarilishi mumkin bo’lganlarga sarflash kerak». «Harbiy xizmatga endigina kirgan qancha yosh vengerlar, chexlar, ruminlar jangdan keyin charchashdan yoki qon yo’qotishidan vafot etdi, hatto engil yaralanganlar – ochlikdan va holsizlikdan halok bo’ldi!»

Bu dahshatli kunlarda Dunanda urush paytida yaradorlarga yordam bera oladigan ixtiyoriy tibbiy jamiyatlar tizimini yaratish g’oyasi tug’ildi. «Bu Lombardiya shaharlarida o’z ishini biladigan yuz-ikki yuz ko’ngilli feldsherlar qanchalik zarur! …Haqiqatan ham, bir necha kishi qanchalik yaxshi niyat bilan ilhomlangan bo’lmasin, bunday ulkan va shoshilinch ishda nima ham qila olardi». «… Agar
24-iyun kuni Medol tekisligida, San-Martino jarliklarida va Solferino tepaliklarida yaradorlarni ko’tarish uchun kasalxona ishchilari etarli bo’lganida, baxtsizlar bir necha soat yordamsiz qolmagan bo’lardi, iztirob va unutilish qo’rquvi, va ularni zambilda ko’rish va olib ketish umidida, shafqatsiz azoblarga qaramay, o’rnidan turish uchun o’z ahvolini yomonlashtiradigan aql bovar qilmas harakatlarni qilmagan bo’lardilar. Va nihoyat, ertasi kuni, undan ham yomonrog’I, tiriklarning o’liklar bilan dafn etilish xavfi bo’lmas edi! «

Birovning dardini o’ziniki kabi yoki undanda kuchliroq his qilish qobiliyati zaiflik hisoblanadimi? Yoki, aksincha, bunday rahm-shafqat insonga imkonsiz bo’lib tuyulgan ishni bajarishga yordam beradigan harakatlantiruvchi kuchga aylanadimi?

Bir necha kun Anri Dunan hayotini o’zgartirib yubordi. Imperator bilan uchrashmasdan, u Jenevaga qaytib keldi va «Solferino jangi haqidagi xotiralar» kitobini yozdi, unda u o’sha paytda gapirish mumkin bo’lmagan urushning dahshatli tomonlarini tasvirlab bergan. Unda u, shuningdek yaradorlarga yordam berish uchun ixtiyoriy jamiyatlar tashkil etish g’oyalarini bayon etadi.

Kitob o’z vaqtida yozilgan bo’lib, ko’pchilikka katta ta’sir ko’rsatdi. Dunanga butun Yevropadan xat keladi. Uning fikrlari amalga osha boshladi. 1863-yil fevralda Jenevada shunday ixtiyoriy jamiyatlar tuzish maqsadida kichik qo’mita tashkil etildi. Dunan qo’mita kotibi bo’ldi. Turli mamlakatlar hukumatlari bilan muzokaralar olib borildi, milliy yordam guruhlarining sa’y-harakatlarini birlashtiradigan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ko’rildi.

Dunan turli davlatlar hukumatlariga o’z fikrlarini bayon qilib, xat yuboradi, ularning ko’plari bilan shaxsan uchrashadi. Va uning sa’y-harakatlari va aql bovar qilmas kuchi tufayli 1863-yil 29-oktyabrda Jenevada 16 davlatdan 39 delegat uchrashdi. Jeneva konvensiyasi deb nomlanuvchi shartnoma imzolandi. Unga yordam ko’rsatayotganlar uchun daxlsizlik kafolati, ular uchun aniqlash belgisi – oq fonda qizil xoch tasviri (usbu go’yani ilgari surgan vakil davlatga minnatdorchilik belgisi sifatida – o’zgartirilgan Shveytsariya bayrog’i)ni kiritish kabi muhim qoidalar kiritilgan. 1863-yil 29-oktyabr Qizil Xochning tug’ilgan sanasi hisoblanadi. Oradan ikki oy o’tmasdan Vurtembergda birinchi Yordam jamiyati ochildi. Keyingi yil davomida yana 10ta Qizil Xoch jamiyatlari ochildi: Oldenburg gersogligi, Belgiya, Prussiya, Daniya, Fransiya, Italiya, Maklenburg, Ispaniya va Germaniyada.

1864-yil 8-avgustda Xalqaro Yaradorlarga yordam ko’rsatish qo’mitasining konferensiyasida Qizil Xoch emblemasi alohida maqomga ega bo’ldi: endi uni taqqan odamlar, transport vositalari, binolar himoya ostida bo’ladilar. Bu 1864-yil 22-sentyabrda imzolangan «Quruqlikdagi urushda yarador va kasal askarlarning ahvolini yaxshilash to’g’risida Jeneva konvensiyasi» hukumatlararo bitimi bilan qonuniylashtirildi.

Keling, bir daqiqa o’ylab ko’raylik. Ikki yil ichida besh kishilik qo’mita tuzilishidan 16 davlat hukumatlari tomonidan xalqaro bitim imzolanishigacha bo’lgan yo’l o’tdi (bundan tashqari, Jeneva konvensiyalari haligacha xalqaro huquqda eng qat’iy kelishuvlardan hisoblanadi). Va bularning barchasi asosan bir kishining sa’y-harakatlari va kurashlari tufayli amalga oshirildi!

Qo’mita a’zolari bilan kelishmovchiliklar tufayli, Dunan 1867-yilgacha uning kotibi bo’lib qolgan bo’lsa-da, deyarli yolg’iz harakat qilishni davom ettirdi. U, shuningdek harbiy asirlar, yaradorlar va kema halokatiga uchragan harbiy xizmatchilarni himoyasini ta’minlash tarafdori bo’ldi. Bu orada, uzoq vaqt davomida Dunan e’tiboridan qolgan jazoirlik korxonasi yopilib ketdi. 1867-yilda Dunan bankrot deb e’lon qilindi va Jeneva jamoatchiligi uni qattiq qoraladi. Shunga qaramay, o’sha yili u Avstriya, Gollandiya, Shvetsiya, Prussiya va Ispaniya Qizil Xoch qo’mitalarining faxriy a’zosi deb e’lon qilindi. Ammo XQXQga a’zo bo’lish shartlaridan biri moddiy boylikka ega bo’lish lozimligi uchun, har xil noto’g’ri tushunishlar kelib chiqmasligi uchun, Dunan Xalqaro qo’mita kotibi lavozimini tark etish uchun iste’foga chiqishga majbur bo’ladi. Iste’fo qabul qilinadi.

«Bu dunyoning odami emas», – degan ibora bor. Bunday odamlar moddiy farovonlik, jamiyatdagi mavqega ahamiyat bermaydilar – ular bitta g’oya uchun yashaydilar, o’z hayotining maqsadini faqat shunda deb biladilar va bor kuchlarini, bor iste’dodlarini unga bag’ishlaydilar. Ishbilarmon odamga nisbatan qanchalik g’alati tuyulmasin, biroq Anri Dunan aynan shunday inson edi.

1870-yil Evropada yangi urush (Prussiya va Fransiya o’rtasida). Juda yomon moliyaviy ahvolga qaramay, Dunan yana yaradorlarga yordam bera boshlaydi. U fransuz Yaradorlarga yordam ko’rsatish jamiyati tomonidan frontga yuboriladigan tibbiy kasalxonalarni jihozlashda faol ishtirok etadi. Parij kasalxonalarida yaradorlarni ziyorat qiladi. Aynan Dunanning taklifiga binoan, o’liklar va og’ir yaradorlarni aniqlashga imkon beradigan askar medalyonlari muomalaga kiritildi.

Dununning ko’plab g’oyalari uning zamoniga mos emas edi. Masalan, odamlarga ta’lim berish kerakligini anglab, u xalqaro kutubxona loyihasini amalga oshira boshladi. Birinchi kitoblar 1869-yilda paydo bo’la boshladi, ammo urush bu loyihani amalga oshirishga to’sqinlik qildi. 1874-yilda Dunan qul savdosiga qarshi kampaniya boshlab, o’zini yana namoyon qiladi. 1875-yil 1-fevralda Londonda Dunanning oxirgi ommaviy namoyishi bo’lib o’tdi. Uning moliyaviy ahvoli juda tang edi.

Deyarli hamma unutgan Dunan o’n yil davomida qashshoqlikda yashadi. U Elzas, Germaniya, Italiya, Shveytsariya bo’ylab piyoda yurardi, ko’pincha ovqat uchun puli ham bo’lmasdi, eskirgan paltosini siyoh bilan yashirib, ko’ylagini bo’r bilan oqartirib yurardi. Qarindoshlari yuborib boshlagan ozgina mablag’ tufayli u Hayden qariyalar uyiga joylashdi va u erda umrining oxirigacha yashadi.

U hamma narsadan – boyligidan, oddiy turmush sharoitidan, ijtimoiy e’tirofidan mahrum bo’lganidan azob chekdimi, aytish qiyin. Ammo, menimcha, bu qiyinchiliklar uning uchun dahshatli emas edi. Axir u yo’qotgan narsalar uning hayotida muhim rol o’ynamas edi. Uning hayotidagi asosiy narsalarni hech kim tortib ololmasdi, bular – rahm-shafqat, boshqalarning qayg’usiga hamdard bo’lish istagi, boshqalar uchun yashash qobiliyati.

1895-yilga kelib, Qizil Xoch dunyoning 37 mamlakatida mavjud bo’lib, yaradorlarni davolash bo’yicha Jeneva konvensiyasi 42 davlat tomonidan imzolangan edi. O’sha yili uni topishga muvaffaq bo’lgan jurnalist Vilgelm Sondregger tufayli butun dunyo Dunanni yana bir bor esladi. Dunan bilan intervyu sensatsiyaga aylandi, uni dunyoning yetakchi gazetalari qayta nashr etishdi. Dunanning og’ir ahvoli haqida xabar topgan rus imperatori unga pul nafaqasini tayinladi. Dunan boshqa pul subsidiyalari singari bu pulga ham tegmadi va o’ziga yashashga yetarli juda kam pul qoldirib, deyarli hamma pulni Qizil Xochga ko’chirdi.

1901-yilda Anri Dunan Frederik Passi bilan birga tinchlik bo’yicha Nobel mukofoti laureati bo’ldi. U olgan katta miqdordagi pulni Shveytsariya va Norvegiyadagi xayriya ishlariga topshirdi.

Dunan 1910-yil 30-oktyabrda vafot etdi. Uning qabri ustidagi toshda tiz cho’kib yarador askarga suv berayotgan odam tasvirlangan.