Emblema

Yuz ellik yildan ortiq vaqt davomida Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy qurolli to’qnashuvlar qurbonlarini, shuningdek ularga yordam ko’rsatayotganlarni himoya qilib, insoniyatga xizmat qilmoqda.

 

1859
 

Д

XIX asrga qadar har bir davlat qurolli kuchlar tibbiy xizmatlari tomonidan qo’llanilgan o’z ramzlariga ega edi. Bu ramzlar ko’pchilikka ma’lum bo’lmagan, kamdan-kam hurmat qilingan va hech qanday huquqiy himoyani ta’minlamagan.

XIX asrning ikkinchi yarmida o’qotar qurol ishlab chiqarishning jadal rivojlanishi urush paytida halok bo’lganlar va yaradorlar sonining sezilarli o’sishiga olib keldi.

1859-yil 24-iyunda Italiyani birlashtirish urushi bo’lib o’tgan. Sayohat paytida Anri Dunan ismli Shveytsariya fuqarosi Solferino shahriga yetib keldi. U erda u jang maydonida halok bo’lgan yoki yaralangan 45 mingdan ortiq askarlarning ogir ahvolda tashlab ketilgan fojiasiga guvoh bo’ldi.

Jenevaga qaytib, Anri Dunan kitob yozishni boshladi, unda u urush qurbonlariga yordam ko’lamini sezilarli darajada kengaytirishni taklif qildi.

 

1862

 

1862-yilda «Solferino xotiralari» kitobi nashr etildi. Bu kitobda ikkita taklif bildirilgan:

  • har bir davlatda tinchlik davrida urush qurbonlariga yordam berish uchun ko’ngillilar guruhini tuzish;
  • davlatlar tomonidan birinchi yordam ko’ngillilarini, shuningdek jang maydonida yaralanganlarni himoyasini ta’minlashga rozilik berilishiga erishish.

Birinchi taklif bugungi kunda 188ta davlatda mavjud bo’lgan Milliy Jamiyatlarni yaratishga asos bo’ldi. Ikkinchisi, bugungi kunda 192ta davlat tomonidan imzolangan Jeneva konvensiyalari yaratilishining asosidir.

 

 

 

1863
 

1863-yil 17-fevralda Anri Dunan takliflarini o’rganish uchun besh kishilik qo’mita – bo’lajak Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi yig’ildi.

Yig’ilganlarning asosiy maqsadlaridan biri – yagona farqlovchi emblemani qabul qilish edi, uning qo’llanilishi qonun bilan mustahkamlanishi va qurolli kuchlar tibbiy xizmatiga, birinchi tibbiy yordam ko’ngillilariga, shuningdek qurolli to’qnashuvlar qurbonlariga hurmat ko’rsatilishini ta’minlashi lozim edi.

Emblema oddiy bo’lishi, uzoqdan aniq ajralib turishi, hammaga ma’lum bo’lishi, ittifoqchilar uchun ham, dushmanlar uchun ham bir xil bo’lishi va hamma tomonidan tan olinishi lozim edi.

Birinchi xalqaro konferensiya 1863-yil 26-oktyabrda chaqirilgan bo’lib, unda 14 davlatdan vakillar ishtirok etishdi.

Yaralangan askarlarga yordam beradigan jamiyatlar – bo’lajak Qizil Xoch jamiyatlari va keyinchalik Qizil Yarim Oy jamiyatlari tuzilishini tartibga soluvchi o’nta qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, konferensiya tomonidan oq fondagi qizil xoch tasviri farqlovchi timsol sifatida qabul qilindi.

 

 

1864
 

1864-yil avgust oyida, 1863-yilda qabul qilingan qarorlarni shartnoma me’yorlariga o’zgartirish uchun chaqirilgan, Diplomatik konferensiya birinchi Jeneva konvensiyasini qabul qildi.

Shu tarzda zamonaviy gumanitar huquq yaratildi.

Birinchi Jeneva konvensiyasi oq fondagi qizil xoch tasvirini farqlovchi timsol sifatida tan oldi.

Emblema qurolli kuchlar tibbiy xizmatining betarafligini aks ettirishi va unga berilgan himoyani ko’rsatishi uchun mo’ljallangan edi. Qabul qilingan emblema Shveytsariya bayrog’ining teskari ranglari edi.

Shveysariyaning doimiy neytral maqomini so’nggi yillar amaliyoti tasdiqlab keldi va 1815-yildagi Vena va Parij shartnomalari bilan mustahkamlandi. Bundan tashqari, oq bayroq muzokaralar yoki taslim bo’lish istagining ramzi bo’lib kelgan va shunday bo’lib qolmoqda. O’z xohish-istagi bilan oq bayroqni osib qo’ygan odamga qarata o’q otish mumkin emas bo’lgan.

Hosil bo’lgan emblemaning afzalliklari – kontrast ranglarga ega bo’lgani uchun ko’paytirilishi va uzoqdan tanish osonligi edi.

 

 

1876-1878
 

Rus-turk urushi paytida Usmonlilar imperiyasi qizil xoch ramzi o’rniga oq fondagi qizil yarim oy timsolidan foydalanish niyatida ekanligini e’lon qildi. Qizil xoch timsoliga hurmat ko’rsatgan Usmonlilar imperiyasi hukumati, qizil xoch o’z tabiatiga ko’ra, musulmon askarlari uchun haqoratli, degan fikrda edi. Qizil yarim oy emblemasi mojaro tugagunga qadar vaqtincha foydalanish uchun tasdiqlangan edi.


 

 

1929
 

Birinchi jahon urushidan so’ng, 1929-yilda Jeneva konvensiyalarini qayta ko’rib chiqish uchun Diplomatik konferensiya chaqirildi. Turkiya, Fors va Misr delegatsiyalari konferensiyadan qizil yarim oy, qizil sher va quyosh timsollarini tan olishni so’rashdi. Uzoq munozaralardan so’ng, Konferensiya ishtirokchilari bu timsollarni qizil xoch emblemasiga qoshimcha farqlovchi timsol sifatida tan olishga rozi bo’lishdi. Biroq, emblemalar sonining ko’payishiga yo’l qo’ymaslik uchun, Konferensiya ushbu timsollardan foydalana oladigan davlatlar sonini yuqorida aytib o’tilgan uchta davlat bilan cheklab qo’ydi. Jeneva konvensiyasiga muvofiq, uchta farqlovchi timsol teng maqomga ega bo’ldi.

 

 

1949
 

Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan so’ng Jeneva konvensiyalarini qayta ko’rib chiqish uchun 1949-yilda chaqirilgan diplomatik konferensiyada timsollar masalasini hal qilish bo’yicha uchta taklif ko’rib chiqildi:

  • Gollandiyaning yangi yagona emblema to’g’risidagi taklifi;
  • qizil xochning yagona emblemasidan foydalanishga qaytish taklifi;
  • Isroil qurolli kuchlari tibbiy xizmatining farqlovchi timsoli sifatida ishlatilgan Dovud qizil qalqonining yangi emblemasini tan olish haqidagi taklifi.

Barcha takliflar rad etildi. Konferensiyada himoya timsollari sonining ko’paytirilishiga norozilik bildirildi. Qizil xoch, qizil yarim oy, qizil sher va quyosh timsollari yagona tan olingan timsollar bo’lib qoldi.

 

 

1980

Eron Islom Respublikasi qizil sher va quyosh timsolidan foydalanish huquqidan voz kechayotganini va qizil yarim oy emblemasini qurolli kuchlar tibbiy xizmatining farqlovchi belgisi sifatida foydalanishda davom etishini e’lon qildi. Ammo, kelajakda yangi timsollar tan olinishi ehtimoli paydo bo’lgan holda, Eron qizil sher va quyosh timsoliga qaytish huquqini o’zida saqlab qoldi.


 

 

1992
 

Timsollar hususidagi munozaralar 1949-yil qaroridan keyin ham davom etdi. Bir qator davlatlar va ularning hududida faoliyat ko’rsatayotgan yordam jamiyatlari bir vaqtning o’zida milliy timsolni yoki qizil xoch va qizil yarim oyning ikkala emblemasidan foydalanishni xohlashdi. 90-yillarga kelib, bir qancha murakkab qurolli to’qnashuvlarda qizil xoch va qizil yarim oyning betarafligini hurmat qilinishi borasida xavotirlar paydo bo’ldi. 1992-yilda XQXQ prezidenti hech qanday milliy, siyosiy yoki diniy ma’noga ega bo’lmagan qo’shimcha timsolni yaratish bo’yicha ommaviy murojaat bilan chiqdi.

1999
 

Qizil Xoch va Qizil Yarim Oyning 1999-yilgi Xalqaro konferensiyasi barcha davlatlar uchun mazmunan va protsessual jihatdan ma’qul keladigan timsol masalasini har tomonlama va uzoq muddatga hal etish uchun davlatlar va milliy jamiyatlar vakillaridan iborat qo’shma ishchi guruhini tuzish taklifini qo’llab-quvvatladi.

 

2000
 

Ishchi guruhi ko’pchilik davlatlar va milliy jamiyatlarning tarixi qizil xoch va qizil yarim oy timsollaridan foydalanish bilan chambarchas bog’lik degan xulosaga keldi. Shunday qilib, barcha tomonlarga mos keladigan yechimning yagona yo’li milliy, siyosiy yoki diniy ma’noga ega bo’lmagan uchinchi qo’shimcha emblemani qabul qilish edi.

 

Yangi emblemaning dizayni undan foydalanayotgan milliy jamiyatlarga quyidagilarni imkonini berishi lozim edi:

  • yangi emblemaning markazida qizil xoch yoki qizil yarim oy joylashtirilishiga;
  • yangi emblemaning markazida qizil xoch va qizil yarim oyni joylashtirilishiga;
  • milliy emblemaning markazida ushbu milliy lamiyat tomonidan qo’llanilayotgan va XQXK hamda Jeneva konvensiyalari depozitariy davlatiga topshirilgan boshqa har qanday ramzni joylashtirilishiga.

 

 

2005
 

2005-yil dekabr oyida Jenevada bo’lib o’tgan Diplomatik konferensiya davomida davlatlar Jeneva konvensiyalari uchun qizil xoch va qizil yarim oy timsollari bilan birga qo’shimcha emblemadan foydalanishni tartibga soluvchi Uchinchi qo’shimcha protokolni qabul qildilar. Qizil kristall emblemasi deb nomlanuvchi yangi emblema Harakatning yillar davomida duch kelgan bir qancha muammolarni hal qilishga yordam beradi. Ular orasida:

  • qizil xoch yoki qizil yarim oy timsolarini qabul qilishni xohlamagan davlatlarning Harakatga qo’shilish va qizil kristall emblemasi yordamida to’laqonli a’zo bo’lish imkoniyati;
  • bir vaqtning o’zida qizil xoch va qizil yarim oydan foydalanish imkoniyati.

 

2006
 

2006-yil iyun oyida yangi qo’shimcha emblema qabul qilinganligi sababli Harakat Nizomiga o’zgartirishlar kiritish uchun Jenevada Qizil Xoch va Qizil Yarim Oyning Xalqaro konferensiyasi chaqirildi.

 

2007
 

2007-yil 14-yanvarda 1949-yildagi Jeneva konvensiyalariga Uchinchi qo’shimcha protokoli kuchga kirdi (bu uni birinchi ikkita davlat ratifikatsiya qilganidan olti oy o’tgach sodir bo’ldi). Ushbu bilan hukumatlar va Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Harakati tomonlaridan foydalanish uchun qo’shimcha timsol yaratilish jarayoni yakunlandi.