Oilaviy rishtalarni tiklash va qidiruv xizmati

Oilaviy rishtalarni tiklash va qidiruv xizmati

Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy Harakati odamlarning ruhiy azoblarini engillashtirishga alohida ahamiyat beradi. Qadrli insonidan ajralishdan qiyin nima bo’lishi mumkin? Noaniqlik chidab bo’lmas azobni keltiradi. Odamlar tabiiy ofat yoki falokat oqibatida bir-birlarini yo’qotganda, ularning qaerdaligini aniqlash, ular orasidagi aloqani tiklash uchun imkoni boricha hamma narsa qilish kerak.

Aynan shu maqsadda 1993 yilda O’zbekiston QYaOJ Qidiruv xizmati tashkil etilgan bo’lib, u yuzlab odamlarga aloqani uzgan qarindoshlari haqida ma’lumot olishga va izlashga yordam beradi.

 

Qidiruv xizmati faoliyatining asosiy yo’nalishlari:

  • O’zbekiston hududida va chet elda yaqin qarindoshlari haqida hech qanday xabar bo’lmaganlarni (vaqtincha mamlakatni tark etganlar; doimiy yashash joyiga ko’chib ketganlarni) qidirish;
  • Ikkinchi Jahon urushi yillarida evakuatsiya, deportatsiya, Germaniyada majburiy mehnat, gettolar yoki konslagerlarda bo’lganligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni qidirishga yordam berish;
  • Halok bo’lgan joyini topishga yordam berish va chet eldagi urush qabrlari buzilmaganligini tasdiqlash;
  • Qizil Xoch Murojaatnomalari (QXM) bilan ishlash, bu ayniqsa favqulodda vaziyatlarda muhim ahamiyatga ega.

 

Qidiruv xizmati tamoyillari:

Samarali ishlash uchun O’zbekiston QYaOJ Qidiruv xizmati o’z yaqinlari qayerdaligini bilmaydigan odamlarning bezovtaligi va xavotirlariga iloji boricha tezroq barham berish uchun imkon qadar tez harakat qiladi. Qidiruv xizmati yordam so’rovchini umidvor qilib qo’ymaslik uchun hech qachon hech narsa va’da qilmaydi. Qidiruv xizmati tomonidan to’plangan ma’lumotlar hech qanday holatda oshkor qilinmaydi va topilgan shaxsning ruxsatisiz uzatilishi mumkin emas.